Xususiy klinikalarni jihozlash uchun 50 mln dollar ajratiladi
Ushbu xabar allaqachon 343 marta o`qilgan!
“Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020–yil 18–fevralda PQ-4606-son qaror qabul qilindi.
Respublikaning barcha hududlarida xususiy klinikalarni zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha 286 ta loyiha amalga oshirildi. Bunda “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki orqali $28 mln miqdorida maqsadli imtiyozli mablag‘lar ajratiladi.
Amaliyot o‘zini oqlagani bois, xususiy tibbiyot sohasidagi loyihalar qiymatining 60 foizigacha moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining bankka $50 mln miqdordagi kredit liniyasi ochiladi. Shartlari – 10 yilgacha muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 5 foiz stavka bilan («Asaka» ATB marjasini hisobga olmasdan), – deb yozadi “Norma.uz”.
Ushbu mablag‘lar pullik tibbiyot xizmatlariga bo‘lgan talab va xususiy klinikada xarid qilinayotgan uskunalarda xizmat ko‘rsata oladigan malakali xodimlarning mavjudligi hisobga olingan holda yangi import tibbiyot uskunalarini (kosmetologiya sohasidagi tibbiy uskunalar bundan mustasno) xarid qilish uchun ajratiladi. Bundan tashqari, joriy yilning oktyabr oyiga kelib xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun $100 mln miqdorida uzoq muddatli kredit liniyalarini jalb qilish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Hujjat 19.02.2020 yildan kuchga kirdi.
Manba: kun.uz