Respublika yangiliklariYangiliklar

Sog’liqni saqlash vazirligi Samarqandlik shifokorni o‘z himoyasiga oldi

Ushbu xabar allaqachon 372 marta o`qilgan!

“Kuni kecha mamlakatimizdagi axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida fuqaro X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Unda samarqandlik tibbiyot xodimi tibbiy tekshiruvlardan o‘tmasdan 34 kishiga koronavirus infeksiyasini yuqtirishga sababchi bo‘lganligi aytiladi. Ushbu holat ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarida qarama-qarshi fikrlar va noroziliklarni keltirib chiqardi. 

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 12 may kuni Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining bo‘lim mudiri X.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 257-1-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

To‘g‘ri, Sog‘liqni saqlash vazirligi X.D.ning o‘z sog‘ligiga nisbatan beparvo bo‘lib, kimlarnidir xavf ostida qoldirganligini oqlamoqchi emas. Shu bilan birgalikda, vazirlik mazkur holatda X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror asossiz, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga  X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish masalasini o‘z vakolati doirasida ko‘rib chiqilishini so‘rab, joriy yil 14 may kuni murojaat yo‘lladi. O‘ylaymizki, ushbu masala nazoratga olinib, o‘z qonuniy yechimini topadi”, – deb yoziladi Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy saytida

– Sog‘liqni saqlash vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi mazkur qarorni quyidagi asoslarga ko‘ra bekor qilinishi lozim deb hisoblaydi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiev. – Birinchidan, Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi qasddan sodir etilishi talab etiladigan qilmishlardan birortasi  fuqaro X.D. tomonidan sodir etilmagan. Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun maxsus sub’ekt bo‘lish talab etilmaydi. Aniqrog‘i, bu modda bilan faqatgina tibbiyot xodimlari javobgar qilinishi mumkinligi ham qonunda ko‘rsatilmagan. Aytmoqchi bo‘lganimiz, tana harorati oshganligini bila turib, shifokorga murojaat etmasdan o‘zgaga infeksiya yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin bo‘lsa, nega  unda yuzlab holatlarda qonunning bunday  kuchidan foydalanilmadi? Nimaga aynan tibbiyot xodimiga kelganda  qonunni bunday talqin qilish mumkinligi esimizga tushib qoldi? Masalan, yaqinda samarqandlik juda katta tadbirkorning farzandi ko‘pchilikka xuddi shunday sharoitda koronavirus yuqtirganligi haqida internetda ma’lumotlar tarqalgan edi. Nima uchun ushbu holatda qonunning shu me’yoridan  foydalanilmadi?

Qolaversa, qonunchiligimizda tana harorati oshgan fuqaro, hoh u tibbiyot xodimi bo‘lsin, hoh boshqa koronavirusga analiz topshirmasa jinoiy javobgarlikka tortiladi, degan majburiyat hali o‘rnatilgani yo‘q.  

Yuqoridagi holatda tibbiyot xodimi hisoblangan X.D. koronavirus infeksiyasini juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganligini joriy yil 28 aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq bo‘lganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan. Bungacha u ushbu infeksiyani yuqtirib olganligini bilmagan va bilishi mumkin ham bo‘lmagan. Qolaversa, 34 nafar fuqaroga koronavirus aynan tibbiyot xodimidan yuqqanmi yoki boshqadanligini hali dastlabki tergov jarayonida isbotlash kerak bo‘ladi.

Ma’lumki, ayni kunlarda butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi mardonavor kurashayotgan shifokorlar alohida e’tirof etilmoqda. O‘z navbatida yurtimiz tibbiyot xodimlari ham, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, o‘z hayoti va sog‘ligini garovga qo‘yib, pandemiyaga qarshi qahramonona faoliyat olib borishmoqda.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda koronavirus pandemiyasiga qarshi qattiq kurashayotgan ana shunday bir sharoitda, yuqoridagi kabi dilni xira qiladigan bu kabi  holatlar olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar samarasiga, minglab shifokorlar kayfiyatiga faqatgina salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Manba: Sog’liqni saqlash vazirligi

{"from":"MediaSave","to":"Site","event":"ResizeIframe","data":{"width":0,"height":0,"position":"top-center"}}