COVID-19 yangiliklariIlmiy maqolalarKoronavirusMaqolalar

“COVID-19” koronavirus infeksiyasi

Ushbu xabar allaqachon 656 marta o`qilgan!

Koronaviruslar (“Betacoronavirus”lar turi) — qushlar, mushuk, it, yirik shoxli hayvon va cho’chqalarda kasallik chiqaruvchi RNK saqlovchi viruslar oilasi bo’lib, 2020-yil holatida ularning 40 turi tafovut qilinadi. Dastlab ushbu viruslarning odam uchun patogen ekanligi 1965 yilda aniqlangan. U o’z nomini qobig’idagi vorsinkalar tufayli olgan, chunki virus shakli quyosh tutilishidagi nurlarni eslatadi.

Odamlarga ta’sir qiluvchi koronaviruslar alohida bo’ib, quyidagilarni o’z ichiga oladi:

– HCoV-229E virusi;

– HCoV-NL63 virusi;

– HCoV-OC43 virusi;

– HCoV-HKU1 virusi;

– SARS qo’zg’atuvchisi bo’lgan SARS-CoV virusi, birinchi holati 2002-yilda ro’yxatga olingan;

– MERS-CoV virusi, Yaqin Sharqdagi nafas olish sindromining qo’zg’atuvchisi, 2015-yilda avj olgan;

– SARS-CoV-2 virusi, pnevmoniya pandemiyasining 2020-yil uchun yangi turi.

“COVID-19” koronavirus infeksiyasi (ingliz tilidan qisqartirilganda COrona VIrus Disease 2019), oldingi 2019-nCoV koronavirus infeksiyasi – SARS-CoV-2 (2019-nCoV) koronavirusi tufayli yuzaga keladigan kuchli o’tkir respiratorli infeksiya. Bu xavfli kasallik bo’lib, u o’tkir respirator virusli infeksiya yengil shaklda ham, og’ir shaklda ham kechishi mumkin, uning o’ziga xos asorati virusli pnevmoniya bo’lib, bu esa o’tkir respirator distress sindromi yoki o’lim xavfi bo’lgan nafas olish yetishmovchiligini keltirib chiqaradi[i].

2019-nCoV shtammi birinchi marta 2019-yil dekabr oyida pnevmoniyaga chalingan bemorda nuklein kislotasini tahlil qilish natijasida aniqlangan[ii]. 2019-yil 31-dekabr kuni Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga noma’lum patogen sabab bo’lgan virusli pnevmoniyaning bir nechta holatlari to’g’risida xabar berildi. 2020-yil 7-yanvarda yangi virus haqida ma’lumot va virus o’zi koronaviruslarga tegishli ekanligi tasdiqlandi[iii]. Virusning genomini birinchi bo’lib Xitoy Sog’liqni saqlash xizmati aniqlaydi[iv], 10-yanvar kuni u ommaga e’lon qilindi[v]. 12-yanvargacha GenBank ma’lumotlar bazasida 5 ta genom ro’yxatga olingan[vi], 26-yanvarga kelib ularning soni 28 taga yetdi. Eng qadimgi genom bundan mustasno, genomlar GISAID tomonidan embargo qilinadi. Filogenetik tahlilni Nextrain[vii] orqali olish mumkin. 2020-yil 20-yanvar kuni Xitoyning Guandun provinsiyasida virusning odamdan odamga yuqishi tasdiqlandi[viii].

COVID-19 pandemiyasi 2019-yil dekabr oyining oxirida Xitoy markazining Xubey provintsiyasida joylashgan Uxan shahridagi aholida mahalliy hayvonlar va dengiz mahsulotlari sotiladigan Xuanan bozori bilan bog’liq bo’lgan kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya aniqlanishi bilan boshlandi.

2019-yil 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga (JSST) noma’lum pnevmoniyaning tarqalishi haqida xabar berdi. 22-yanvardan boshlab Uxan, 24-yanvardan esa Uxanga yaqin shahar tumanlari karantinga yopildi[ix]. Keyinchalik virus Xitoyning barcha provintsial ma’muriy bo’linmalarida aniqlangan.

30-yanvar kuni Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti (JSST) yangi koronavirusning tarqalishini xalqaro sog’liqni saqlash sohasidagi favqulodda holat deb tan oldi. 2020-yil 11-fevralda kasallik yangi koronavirus kasalligi deb nomlandi (COVID-2019)[x]. Xitoylik olimlar qo’zg’atuvchi – yangi koronavirusni aniqladilar va uning genomlari ketma-ketligiga genetik aloqani o’rnatdilar. Virus og’ir o’tkir nafas olish sindromi (SARS deb nomlanuvchi) SARS-CoV[xi] virusiga nisbatan kamida 70% o’xshash, shuning uchun SARS-CoV-2 deb nomlanadi. Inkubatsion davri odatda 5 kunni tashkil etadi, lekin 2 dan 14 kungacha davom etishi mumkin[xii]. Kasallik alomatlar paydo bo’lishidan oldin yuqumli bo’ladi[xiii].

2020-yil 11-martda JSST epidemiyaning pandemiyaga aylanganligini e’lon qildi[xiv] va 13-martda Evropa pandemiyaning markaziga aylandi[xv].

O’zbekiston Respublikasida birinchi marta COVID-19 koronavirus infeksiyasi 15 mart kuni soat 06.00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo’lib qaytgan bir nafar O’zbekiston fuqarosida (ayol kishi) aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xabar berdi, – deb yozadi “gazeta.uz” elektron nashri[xvi].

“Worldometer” ma’lumotiga ko’ra 2020-yil 15-aprel holatida (GMT soat 11:55) 210 mamlakat va hududda 2,016,305 yuqtirish holatlari, 127,824 o’lim holatlari tasdiqlandi, sog’ayganlar 491,939 nafarni tashkil etadi. Kasallik soni bo’yicha pandemiyadan eng ko’p zarar ko’rgan hududlar AQSh, Evropa (Ispaniya, Italiya, Frantsiya, Germaniya,Buyuk Britaniya, Belgiya), materik Xitoy, Eron va Turkiyadir[xvii]. Jumladan, O’zbekiston Respublikasida esa 1,275 yuqtirish holatlari, 4 o’lim holatlari tasdiqlandi, sog’ayganlar 99 nafarni tashkil etadi[xviii].

SARS-CoV-2 virusining asosiy infeksiya manbai yovvoyi va uy hayvonlari, hamda bemor odam hisoblanadi. Virus aksariyat havo-tomchi, kamroq maishiy muloqot va najas-og’iz mexanizmi bilan shaxsdan-shaxsga yuqadi. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, qo’zg’atuvchilar pastik yuzada – 5 kun, yog’ochda – 4 kun, oynada – 4 kun, qog’ozda – 4-5 kun, alyumin metallda –2-8 soat, tibbiyot qo’lqopida – 8 soatgacha yashashi mumkin[xix]. Yo’talish, aksirish va gapirish paytida havoga chiqariladigan virusli mayda tomchilar yuzalarga va narsalarga tushishi mumkin, so’ngra ularga tekkan odamga ko’zlar, burun yoki og’iz bilan orqali o’tishi mumkin. Bundan tashqari, infeksiyani kasallangan odam yo’talganda yoki aksirganda paydo bo’lgan mayda tomchilar boshqa odam nafas olish jarayonida nafas yo’llariga tusishi natijasida yuqtirishi mumkin. Shu sababli, bemor odam bilan masofani 1 metrdan uzoqroq tutish muhim hisoblanadi (Yangi tadqiqotlarga ko’ra, virus odamdan-odamga 4 metr (13 fut) masofadan ham yuqishi mumkin[xx]). Infeksiyalangan najas orqali kasallanish xavfi unchalik katta emas. Dastlabki izlanishlarga ko’ra, virus ba’zi hollarda najasda aniqlanishi mumkin, ammo bunday yuqish mexanizmi hozirgi avj olishda yetakchi rol o’ynamaydi. Lekin, bu xavfni butunlay bekor qilish mumkin degani emas. Samarali profilaktika choralariga qo’llarni tez-tez yuvish va nafas olish gigienasi qoidalariga rioya qilish kiradi[xxi].

Kasallikning patogenez hozircha noma’lum bo’lib, SARS-CoV virusining patogeneziga o’xshash bo’lishi mumkin.

SARS-CoV-2 virusiga qarshi immunitetning davomiyligi va intensivligi to’g’risida ma’lumot hozircha mavjud emas[xxii]. SARS-CoV-2 dan tashqari koronaviruslarga qarshi gumoral immunitet hosil bo’ladi, ammo ko’pincha infeksiyani qayta yuqtirish (reinfeksiya) holatlari ko’p uchraydi[xxiii]. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining ma’lumotlariga ko’ra, COVID-19 holatida qayta yuqtirish ehtimoli to’g’risida dalillar yo’q, boshqa manbalarga ko’ra, bunday holatlar turli omillar, shu jumladan immunosupressiya usullari bilan bog’liq bo’lishi mumkin[xxiv].

 Simptomlari[xxv]. 2020-yil28-fevral holatiga ko’ra 1099 nafar bemor holati tahliliga ko’ra, asosiy kasallik alomat(simptom)lari quyidagilardan iborat: 88,7% hollarda isitma (tadqiqotda 37,5°C va undan yuqori harorat aniqlangan); 67,8% hollarda yo’tal.

Boshqa simptomlarga quyidagilar kiradi: 38,1% holatlarda charchoq; 18,7% hollarda nafas qisilishi; 14,9% hollarda mushaklar yoki qo’shma og’riqlar; 13,9% hollarda tomoq og’rig’i; 13,1% hollarda bosh og’rig’i; 33,7% hollarda balg’am ajralishi.

Gastroenterit belgilari, shu jumladan, diareya, ko’ngil aynishi va qayt qilish kam uchraydi. Burun bitishi 4,8% hollarda uchraydi.

Isitma kasalxonaga yotqizilganlar orasida eng keng tarqalgan, ammo bemorlarning yarmidan kami kasalxonaga yotqizilishidan oldin rivojlanadi. Barcha bemorlarda ham harorat uzoq ko’tarilmaydi. Tana harorati 39°C dan yuqori bemorlarning 12,3% ida ko’tarilgan.

Klinik ko’rinishi. SARS-CoV-2 virus infeksiyasi simptomsiz yoki yengil va o’lim xavfi yuqori bo’lgan og’ir kechishi mumkin, ammo to’liq klinik ko’rinishi hali aniq emas. Simptomlar zararlangandan keyin o’rtacha 5-6 kun davomida rivojlanadi, inkubatsiya (yashirin) davri esa 1-14 kunni tashkil etadi.

Taxminlarga ko’ra, u uchta asosiy klinik shaklda o’zini namoyon qilishi mumkin: o’pkaning o’tkir respirator virusli infeksiya yuqori nafas yo’llari infeksiyasi alomatlari bilan; hayot uchun xavf tug’dirmaydigan pnevmoniya; og’ir pnevmoniya o’tkir respirator distress sindromi bilan.

Shuningdek, infeksiya fonida nafas olish yetishmovchiligi, sepsis va septik (infeksion-toksik) shok kuzatilishi mumkin. Aksariyat hollarda kasallik yengil shaklda davom etadi. Ta’kidlanishicha, yengil simptomlari bo’lgan bemorlar odatda bir hafta ichida tuzaladi[xxvi].

COVID-19 og’irlik darajasi mezonlari umumiy zaharlanish belgilarining namoyon bo’lishiga qarab baholanadi[xxvii]:

Yengil daraja – tana haroratining 38oC gacha oshishi, yengil bosh og’rig’i, 5 yosh va undan kattalarda pulsning minutida 60-80 tagacha, AQB 115-120 mm.sim.ust., nafas soninig minutiga 20 tadan kam bo’lmasligi kuzatiladi. Gemogramma ko’rsatkichlarning (leykosit, neytrofil, trombositlar ko’rsatkichi) me’yorga mos ko’rinishida bo’lishi. Yuqoridagi belgilarga ko’ra, ushbu bemorlar yuqori nafas yo’llarining asoratlanmagan virusli infeksiya kasalligi bo’lgan bemorlardir.

O’rta og’ir daraja – tana haroratining 38,1-39oC oralig’ida bo’lishi; umumiy zaharlanish belgilari (bosh og’rig’i, bezovtalik, mushaklarda og’riq, ishtahaning pasayishi), kataral belgilarning sust namoyon bo’lishi (tomoqda og’riq, burun bitishi, yo’tal), pulsning minutida 90-120 tagacha, AQB 110-120 mm.sim.ust., nafas soninig minutiga 20-24 ta bo’lishi kuzatiladi. Gemogramma ko’rsatkichlarining mos ko’rsatkichlarda bo’lishi yoki pasayishga moyilligi. Bemorlarda ko’ngil aynishi, qusish va diareya kuzatilishi mumkin. Bolalarda yo’tal yoki nafas qisilishi + nafas olishning tezlashuvi (daqiqada: 2 oygacha – 60 va undan ko’p, 2-12 oygacha 50 va undan ko’p, 12 oylikdan 5 yoshgacha – 40 va undan ko’p), og’ir pnevmoniya belgilari kuzatilmaydi.

Og’ir daraja – tana haroratining yuqori bo’lishi (39oC va undan yuqori), umumiy zaharlanish belgilarining rivojlanganligi (kuchli bosh og’rig’i, butun tanada og’riq hissi, uyqusizlik, anoreksiya, ko’ngil aynishi, qusish); yo’tal, hansirash yoki nafas qisilishi, pulsning minutida 120 tadan ortishi, AQBning 100 mm.sim.ust. dan pasayishi, yurak tonlari bo’g’iqligi; nafas soninig minutiga 24 va undan ortishi; leykopeniya, neytropeniya va trombositopeniya. Bolalarda yo’tal yoki nafas qisishi bilan birgalikda quyidagi belgilardan birining bo’lishi.

Markaziy sianoz yoki SpO2<90%; nafas olishning jiddiy buzilishi (masalan, xirillash, ko’krak qafasi pastki qismining tortilishi hissi). Pnevmoniyaning boshqa belgilari kuzatilishi ham mumkin: nafas olishning tezlashishi: daqiqada: 2 oylikda – 60 va undan ortishi, 2-12 oylik 50 va undan ortishi, 12 oylikdan  5 yoshgacha – 40 va undan ortishi kabi belgilari kuzatilishi mumkin.

O’ta og’ir daraja – kasallikning o’tkir boshlanishi, tez rivojlanadigan umumiy zaharlanish alomatlari kuzatilishi, ma’lum klinik belgilardan so’ng 1 hafta va undan ortiq muddatda O’tkir respirator distress sindromi (O’RDS), septik shok, Tarqalgan tomirlar ichida qon ivish sindromi (TTIQIS, ya’ni «ДВС»), poliorgan yetishmovchiligi rivojlanishi moyilligi oshishi.

COVID-19 og’ir kechishi bo’lgan bemorlarda o’tkir nafas yetishmovchiligi belgilari: xurujsimon dag’al yo’tal, hushtaksimon stridor nafas, inspirator hansirash, ovozning yo’qolishi, sianoz va akrosianoz, taxikardiya, sust to’liqlikdagi puls, yurak tonlarining sustlashishi, arterial gipotoniya;  yoshgacha bo’lgan bolalarda markaziy sianoz belgilarining kuzatilishi.

O’tkir tomir yetishmovchiligi belgilari: Tana haroratining pasayishi, teri qoplamalarining oqimtirligi, sovuq ter bosishi, hush yo’qotilishi bilan kuzatiladigan adinamiya, sianoz va akrosianoz, taxikardiya, sust ipsimon puls, yurak tonlarining eshitilmasligi, arterial gipotoniya, diurezning kamayishi.

Miya shishi va uning belgilari: Psixomtor qo’zg’alish va es-hushning buzilishi, patologik tipdagi nafas, taxikardiya bilan almashinib turadigan bradikardiya, yuz giperemiyasi, yengillik keltirmaydigan qusish, tutqanoqlar, o’choqli nevrologik belgilar, meningeal belgilar, arterial bosimning labilligi, giperesteziya, giperakuziya.

O’pka shishi belgilari: Hansirash va nafas qisilishining kuchayib borishi, sianoz va akrosianoz, ko’piksimon va qon aralash balg’am paydo bo’lishi, tana haroratining pasayishi, sust va tezlashgan puls, o’pkada turli o’lchamdagi quruq va ho’l xirillashlarning eshitilishi.

COVID-19 asoratlarining bemorlar orasida uchrashi

AsoratiBemorlar orasida uchrashi
O’tkir respirator distress sindromi15% dan 33% gacha
O’tkir nafas yetishmovchiligi8%
O’tkir yurak yetishmovchiligi7% dan 20% gacha
Ikkilamchi infeksiya6% dan 10% gacha
O’tkir buyrak yetishmovchiligi3% dan 8% gacha
Septik shok4% dan 8% gacha
Kardiomiopatiya33% kritik hollarda
Tarqalgan tomirlar ichida qon ivish sindromi (ya’ni «ДВС»)vafot etgan bemorlarning 71%ida
Asoratlangan homiladorlikinkor etilmaydi

Diagnostikasi. Umumiylaborator tahlillar, qon biokimyoviy tahlili, qon ivish sistemasi, qon zardobidagi S-reaktiv oqsil (SRО) darajasi, polimeraza zanjiri reaktsiyasi (PZR), serologik testlar, biomarkerlar, rentgen tekshiruvlar, kompyuter tomografiyasi, pulsoksimetriya, EKG va boshqalar tashxislash usullaridan foydalaniladi.

SARS-CoV-2 sabab bo’lgan infeksiyani laboratoriya tashxisoti uchun PZR usuli qo’llaniladi. Virus RNKsini PZR usulida aniqlash SARS-CoV-2 tufayli kelib chiqqan infeksiyaga shubha qilingan nafas yo’li kasalliklarining klinik belgilari bo’lgan bemorlarga, ayniqsa, epidemiologik jihatdan xavfli hududlardan kelgan bemorlarga, dastlabki tekshiruvdan keyin darhol, shuningdek ular bilan muloqotda bo’lganlar uchun amalga oshiriladi. Tadqiqot uchun biologik materiallar: burun, burun-halqum va/yoki halqumdan olingan surtma, fibrobronxoskop yordamida olingan bronx yuvindilari (bronxoalveolyar lavaj), (endo) traxeal, nazofarengial aspirati, balg’am, o’pkaning biopsiya yoki autopsiya materiali, toza qon, zardob, siydik. Laboratoriya tadqiqotlari uchun asosiy biomaterial bu burun, burun-halqum va/yoki halqumdan olingan surtmadir.

Qiyosiy tashxislash. 

COVID-2019 ning va pnevmoniyalarning qiyosiy tashxisi[xxviii]

 COVID-2019Virusli pnevmoniya (SARS-COV-2 virusidan tashqari)Boshqa etiologiyali pnevmoniya
Patogenetik omillarSARS-CoV-2Gripp А,B; paragripp; tsitomegalovirus; adenovirus; Respirator-sintsitial virus (респираторно-синцитиальный вирус  – РСВ)Bakteriyalar (streptokokk), mikoplazma, xlamidiyalar
Birinchi belgilariIsitma, quruq yo’tal, nafas olishga qiynalish, nafas yetishmovchiligi, kam hollarda – diareyaIsitma, yo’tal, tomoqda og’riq, mialgiya, qaltirashBurun bitishi, rinoreya, holsizlik
AnamnezEpidemiya hududida bo’lib qaytish; COVID-19 bemorlar bilan muloqotda bo’lish; ko’proq 40-60 yoshli erkaklarQishgi va bahorgi mavsumiylik; ko’proq bolalar va katta yoshdagilar jamoasidaQishgi mavsumiylik; ko’proq bolalar va katta yoshdagilar jamoasida
Laborator tahlillarNuklein kislota testi musbat; norma- yoki leykopeniya; limfopeniya; С-reaktiv oqsil oshishiViruslar uchun (SARS-CoV-2 virusidan tashqari) Nuklein kislota testi musbat; limfotsitozLeykotsitoz; EChT oshishi; С-reaktiv oqsil oshishi
Ko’krak qafasi organlari kompyuter tomografiyasiErta bosqichi: “muzlagan (xira) shisha («матового стекла»)” simptomi. Rivojlanish bosqichi: ko’p sonli “muzlagan shisha («матового стекла»)” simptomlari, konsolidatsiya, “toshli yo’l” («булыжной мостовой») simptomi, “teskari galo” («обратного гало»). Cho’qqi bosqichi: «белое легкое». Joylashuvi: Multifokal, periferik. Asosan ikki tomonlama.Interstitsial yallig’lanish. Retikulyar o’zgarishlar Ko’proq “muzlagan (xira) shisha («матового стекла»)” hududida. Bronxlar devori qalinlashuvi. Markaziy lobular o’choqlar. O’pkaning bo’laklararo egatlari  qattiqlashuvi. Ko’p sonli fibroz chandiqli tortismalar. Limfadenopatiya. Plevra qalinlashuvi,  plevral ajralma. O’pka shishi, atelektazi belgilari. Joylashuvi: Bir- yoki ikki tomonlama. Markaziy va/yoki periferik va/yoki peribronxial.Bronxial pnevmoniya, lobar pnevmoniya. Bronxlar devori qalinlashuvi. Markaziy lobular o’choqlar.  Ko’p sonli konsolidatsiya  uchastkalari, o’pka parenximasining keng ishtiroki. Limfadenopatiya.

COVID-19 qiyosiy tashxisi mezonlari:[xxix]

TashxisQiyosiy taxshislash uchun asoslarTekshishlarTashxisni inkor etish mezonlari
GrippO’tkir boshlanadi, temperatura, mialgiya, artralgiya, kataral sindrom, diareya (25 % gacha), gemorragik sindrom  (o’gir kechish hollarida)PZR (burun-halqum surtmasi, agar bemor o’pka sun’iy ventilyatsiyasi (O’SV, ya’ni «ИВЛ»)da bo’lganda bronxo-alveolyar lavaj)da gripp virusi RNKsi aniqlanishiGripp uchun PZR natijasi manfiy
Metapnevmovirus indeksiyasiO’tkir boshlanadi Temperatura Rinit Bronxit Bronxiolit Pnevmoniya Asorat: nafas yetishmovchiligi, o’tkir respirator distress sindromiPZR (burun-halqum surtmasi, agar bemor o’pka sun’iy ventilyatsiyasi (O’SV, ya’ni «ИВЛ»)da bo’lganda bronxo-alveolyar lavaj)da metapnevmovirus RNKsi aniqlanishiMetapnevmovirus uchun PZR natijasi manfiy
Bokavirus infeksiyasiO’tkir boshlanadi Temperatura Faringit Bronxiolit Pnevmoniya Asorat: nafas yetishmovchiligi, o’tkir respirator distress sindromiPZR (burun-halqum surtmasi, agar bemor o’pka sun’iy ventilyatsiyasi (O’SV, ya’ni «ИВЛ»)da bo’lganda bronxo-alveolyar lavaj)da bokavirus RNKsi aniqlanishiBokavirus infeksiyasi uchun PZR natijasi manfiy
Qizamiq, kataral davriO’tkir boshlanadi Temperatura Kataral sindomIFAda spetsifik IgM antitelasi aniqlanishiQizamiq uchun IFA natijasi manfiy

Davolash. SARS-CoV-2 virusiga qarshi maxsus virusga qarshi terapiya yo’q va samarali immunomodulyatorlar haqida imliy dalillar mavjud emas. Viruslarga qarshi antibiotiklar foydasiz va davolashda foydalanilmaydi. Ammo, qator virusga qarshi vositalar klinik amaliyotda o’z samarasini bermoqda. Agar bakterial ikkilamchi infeksiya aniqlansa, antibiotiklar buyurilishi mumkin. Tibbiy yordam ko’rsatishda bemor ahvoli monitoringi, surunkali nafas yetishmovchiligi va sepsis kabi klinik belgilari hamda bemorning holatiga qarab terapiya tayinlanishi kerak. SARS-CoV-2 bilan kasallangan bemorlarga patogenetik va simptomatik terapiya buyuriladi.

Tibbiyot va sog’liqni saqlash sohalarida ma’lumot almashish va ularni ommalashtirish bo’yicha Xitoy xalqaro assotsiatsiyasi samarali davolash usullarining yo’qligi sababli, virusga qarshi vositalarni: lopinavir va ritonavirni alfa-interferon ingalatsiyasi bilan birgalikda ishlatishni o’z ichiga olgan COVID-19ni davolash bo’yicha qo’llanmani nashr etdi. Tavsiyalar individual davolanish holatlari, tarixan boshqariladigan tadqiqotlar va retrospektiv sharhlarning zaif dalillariga asoslanadi. COVID-19 bilan og’rigan bemorlarni davolash bilan shug’ullanadigan bir guruh koreys shifokorlari o’z tavsiyalarini ishlab chiqdilar, unda virusga qarshi vositalar surunkali kasalliklari bo’lmagan yosh bemorlarga kasallikning yengil belgilari bo’lgan bolalar uchun tavsiya etilmaydi. Og’ir kasallar va surunkali kasalliklarga chalinganlar orasida koreyalik shifokorlar lopinavir va ritonavir yoki xloroxindan foydalanishni tavsiya etadilar. Xloroxin yo’qligida gidroksixloroxin ishlatilishi mumkin. Ribavirin yoki interferon koreyalik shifokorlar tomonidan tavsiya etilmaydi, chunki bu jiddiy nojo’ya ta’sirga olib keladi, ammo boshqa davolash usullari samarasiz bo’lgan taqdirda foydalanish mumkin[xxx].

Samarali terapiyani aniqlash uchun JSST «Solidarity» xalqaro tadqiqotini boshladi. Tadqiqot muntazam parvarishlash, remdesivir, lopinavir va ritonavir, beta-interferon va xlorokin bilan birgalikda lopinavir va ritonavirni ko’rib chiqadi[xxxi].

O’zbekiston Respublikasi So’gliqni saqlash vazirligi tomonidan nashr etilgan “COVID-19 bo’yicha milliy qo’llanma”da ham lopinavir va ritonavir dori vositasini qo’llash tavsiya etilgan. Agar ushbu davo samarasiz bo’lsa, 18 yoshdan 65 yoshgacha bo’lgan kattalar uchun xloroxinfosfatdan foydalanish mumkin. Interferonni ingalatsiyalash ham tavsiya etiladi. Xloroxinofosfat bilan davolash kursi 7 kundan oshmasligi kerak. Balg’am namunalarida “COVID-19  uchun PZR tahlilining natijalari 3 martadan ortiq salbiy bo’lib qolsa, virusga qarshi preparatlar to’xtatilishi kerak[xxxii].

Bolalar va homilador ayollarni davolash uchun alohida tavsiyalar beriladi. Og’ir holatlarda davolash organlarning hayotiy funktsiyalarini saqlashga va tiklashga qaratilgan bo’ladi.

Profilaktikasi:

COVID-19 tarqalishini oldini olish maqsadida 14 kun davomida kasal bilan aloqada bo’lgan odamlar, kasallik tarqalgan mamlakatlardan kelganlar birlamchi tibbiy sanitar yordam xodimlari nazoratida bo’ladi.

COVID-19 kasalligi shubha qilingan odamlar bilan aloqada bo’lgan barcha odamlar kasallik belgilari bo’yicha xabardor bo’lishlari, o’tkir respirator virusli infeksiya belgilari bo’yicha tibbiy yordamga o’z vaqtida murojaat qilishlari va gavjum joylarga tashrif buyurishni cheklashlari kerak.

Shaxsiy profilaktika tadbirlar xuddi o’tkir respirator infeksiyaning oldini olishga juda o’xshash bo’lib, o’zining xususiyatlari mavjud. Yuqtirib olish xavfini kamaytirish omillari quyidagilar:

– koronavirus keltirib chiqaradigan kasalliklar qayd etilgan davlatlarga borishdan oldin ehtiyot choralari bilan batafsil tanishish;

– qo’llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, ovqat tayyorlash davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki hayvon bilan aloqadan keyin qo’llarni yuvish;

– qo’lni yuvish imkoniyati bo’lmasa, spirtli dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida ishlov berish;

– yuz va ko’zni qo’l  bilan ko’p ushlamaslik;

– mobil telefon gripp va boshqa nafas yo’llari infeksiyalari, shu jumladan, koronavirus tashuvchisi yuqtirish omili bo’lishi mumkinligini inobatga olgan holda qurilmani ko’pincha qo’ldan-qo’lga o’tib, yuzga juda yaqin joylashtirilgan sababli har doim kechqurun, ish kuni tugaganidan keyin spirt saqlagan antiseptik vositalar bilan ishlov berish;

– ko’chada og’iz-burunga tibbiy niqob taqish, niqoblarni turi va sifatiga qarab ishlatish muddatlari belgilanganligini inobatga olib, oddiy niqoblar uch-to’rt soat ishlatilishi kerakligini unutmaslik;

– yuqori nafas yoʼllari oʼtkir kasalliklariga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʼlganda esa kasallik yuqishining oldini olish maqsadida tibbiy niqobdan foydalanish shartligi;

– imkon qadar gavjum joylarga (kinoteatrlar, ko’ngilochar markazlar, supermarketlar) tashrif buyurmaslik;

– yo’talganda va aksirganda og’iz bilan burunga tirsakni yoki salfetkani tutish. Undan keyin salfetkani darhol axlat qutisiga tashlash va qo’lni yuvishni unutmaslik;

– salomlashish qoidasiga amal qilish (qo’l berib, quchoqlashib hamda o’pishib ko’rishishdan saqlanish);

– shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan cheklanish;

– kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolish va darhol shifokorga murojaat qilish;

– shamollash alomatlari (yo’tal, nafas olishda qiynalish) kuzatilsa yoki shamollash alomatlariga ega bemorni parvarishlayotganda, albatta, uy yoki kasalxona sharoitida ham og’iz-burunga niqob taqish;

– xonalarni shamollatib, toza havoda sayr qilish;

– oziq ovqat mahsulotlarini gigienik talablarga mos holda saqlash.

Epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar:

Infeksiya manbaiga qarshi chora-tadbirlar:

gumon qilinganlarni vaqtli aniqlash (klinik va epidemiologik), ajratish;

– maxsus transportda yuqumli kasalliklar kasalxonasi tarkibiga tashkil qilingan gospitalga yuborish;

– bemorlarda har 2 soatda almashtirib turiladigan niqob taqishini nazorat qilish;

– bemorlarni maxsus transportda transportirovka qilish;

– bemorlarning yo’tal gigienasini nazorat qilish;

– bir martalik tibbiy anjomlarni ishlatish;

– mutaxassislar tomonidan davolash-profilaktik ishlari olib borish;

– qabul qilingan tartib asosida kasalxonadan chiqarish.

Infeksiya yuqish mexanizmiga qarshi chora-tadbirlar:

– qo’llarni sovunlab yuvish (yuzga olib bormaslik, ko’zga tegmaslik);

– tibbiy niqoblarni taqish;

– tibbiy xodimlar uchun maxsus kiyimlarni kiyish;

– dezinfeksion chora-tadbirlar o’tkazish;

– zararlanmagan havo aylanishini ta’minlash;

– B guruhdagi chiqindilarni zararsizlantirish.

Muloqotli shaxslarga qaratilgan chora-tadbirlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:

– eliminatsion terapiya, natriy xlor izotonik eritmasi bilan burun shilliq qavatini chayish va yuvish, virus va bakteriyalar sonini kamaytirishni ta’minlab, yuqumli kasalliklar nospetsifik profilaktikasi sifatida ham qo’llash tavsiya etiladi;

– mos keluvchi dori preparatlarini mahalliy qo’llash to’siq funksiya sifatida namoyon bo’ladi;

– bemor bilan muloqotda bo’lganlar bemor alohidalangan kundan boshlab, 14 kun davomida karantinga olinadi, agar ular orasida koronavirus infeksiyasining belgilari paydo bo’lsa, ular gospitalga yotqiziladi.

Koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo’lgan shaxslar doirasiga quyidagilar kiradi:

– koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan bitta xonadonda yashagan shaxslar;

– koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan bevosita jismoniy muloqotda (qo’l siqish, quchoqlashish) bo’lgan shaxs;

– koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda (masalan, yo’talayotganda) himoyalanmagan shaxslar;

– koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan 2 metrdan kam masofada 15 daqiqadan ko’prok vaqt davomida yuzma-yuz bo’lgan shaxslar;

– 15 daqiqa yoki undan ko’proq vaqt 2 metrdan kam masofada koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan birga yopiq joyda (sinf xonasida, yig’ilish xonasida, kasalxona kutish xonasida va boshqalar) bo’lgan shaxslar;

– tibbiy mutaxassis yoki koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxsni bevosita parvarishlashni amalga oshiruvchi boshqa shaxs yoki shaxsiy himoya vositalarisiz yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzgan holda koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxsning bionamunalari bilan ishlagan laboratoriya mutaxassislari;

– samolyotda, shaharlararo avtobusda, poezdda koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxsdan har kanday yo’nalishda ikki o’rindiq oralig’ida yoki bitta kupeda (poezdda) bo’lgan, shuningdek, koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs uchib ketgan samolyotda xizmat ko’rsatgan ekipaj a’zolari.

Koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlaridan kelgan shaxslar uchun:

– Аgar koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlardan kelgandan soʼng 14 kun ichida kasallikning alomatlari kuzatilsa, zudlik bilan shifokorni uyga chaqirish;

– Kasallikni boshqa oila aʼzolariga yuqtirmaslik uchun muloqotni chegaralash, alohida idish-tovoqdan foydalanish (foydalanilgan idish-tovoqlarni sovunli, qaynoq suvda yuvish);

– Bemorni parvarish qilayotgan qarindoshlari tibbiy niqobdan foydalanish va bemor bilan har muloqotdan soʼng qoʼllarini sovunlab yuvish;

– Kasallik tuzalgunga qadar zaruriyat boʼlmasa tashqariga chiqishni chegaralash.

Muallif: Jasur Hikmatov


[i] https://ru.wikipedia.org/

[ii]  New-type coronavirus causes pneumonia in Wuhan : expert : [англ.] // News. — Xinhua. — Дата обращения: 09.01.2020.

[iii] WHO, Novel Coronavirus (2019-nCoV).

[iv] CDC, Novel Coronavirus 2019 Situation Summary.

[v] European Centre for Disease Prevention and Control, Event background, p. 2.

[vi] Wuhan seafood market pneumonia virus isolate Wuhan-Hu-1, complete genome (англ.). — 2020-01-23.

[vii] Genomic epidemiology of novel coronavirus (nCoV) using data generated by Fudan University, China CDC, Chinese Academy of Medical Sciences, Chinese Academy of Sciences, Zhejiang Provincial Center for Disease Control and Prevention and the Thai National Institute of Health shared via GISAID. nextstrain.org. Дата обращения 1 февраля 2020.

[viii] Associated Press. China confirms human-to-human transmission of new coronavirus (англ.). CBC News (20 January 2020).

[ix] hermesauto. Wuhan virus: China locks down Huanggang, imposes tough travel restrictions in 3 other cities (англ.). The Straits Times (23 January 2020).

[x] Уведомление Национальной комиссии здравоохранения КНР о предварительном присвоении названия новой коронавирусной пневмонии (недоступная ссылка). Национальный комитет здравоохранения КНР (9 февраля 2020).

[xi] David S. Hui, Esam I. Azhar, Tariq A. Madani, Francine Ntoumi, Richard Kock. The continuing 2019-nCoV epidemic threat of novel coronaviruses to global health — The latest 2019 novel coronavirus outbreak in Wuhan, China (англ.) // International Journal of Infectious Diseases. — 2020-02-01. — Vol. 91. — P. 264—266. — ISSN 1201-9712. — doi:10.1016/j.ijid.2020.01.009.

[xii] Hussin Rothan, Nagadenahalli Siddappa. The epidemiology and pathogenesis of coronavirus disease (COVID-19) outbreak // Journal of Autoimmunity. — 2020-02-01. — С. 102433. — doi:10.1016/j.jaut.2020.102433.; CDC, CDC. Coronavirus Disease 2019 (COVID-19) – Symptoms (англ.). Centers for Disease Control and Prevention (26 March 2020).

[xiii] Camilla Rothe, Mirjam Schunk, Peter Sothmann, Gisela Bretzel, Guenter Froeschl, Claudia Wallrauch. Transmission of 2019-nCoV Infection from an Asymptomatic Contact in Germany (англ.) (30 January 2020).

[xiv] Сетевое издание rt.com

[xv] Елизавета Исакова. ВОЗ объявила Европу центром пандемии коронавируса. РИА Новости (13 марта 2020).

[xvi] https://www.gazeta.uz/

[xvii] https://www.worldometers.info/

[xviii] https://coronavirus.uz/

[xix] А.Ш.Иноятов, А.Р.Облоқулов, Ш.Ж.Тешаев, М.Р.Мирзоева “Коронавирусли инфекциялар”, Бухоро  – 2020-йил

[xx] Fox News

[xxi] Вопросы и ответы о COVID-19. Всемирная организация здравоохранения.

[xxii] Профилактика, диагностика и лечение новой коронавирусной инфекции (COVID-19). Временные методические рекомендации. Минздрав России. Министерство здравоохранения Российской Федерации (3 марта 2020)

[xxiii] Geoffrey J. Gorse, Mary M. Donovan, Gira B. Patel. Antibodies to Coronaviruses Are Higher in Older Compared with Younger Adults and Binding Antibodies Are More Sensitive than Neutralizing Antibodies in Identifying Coronavirus-Associated Illnesses (англ.) // Journal of Medical Virology. — 2020. — 19 February. — ISSN 1096-9071. — doi:10.1002/jmv.25715.

[xxiv] Guangming Ye, Zhenyu Pan, Yunbao Pan, Qiaoling Deng, Liangjun Chen. Clinical characteristics of severe acute respiratory syndrome coronavirus 2 reactivation (англ.) // The Journal of Infection. — 2020. — 20 March. — ISSN 1532-2742. — doi:10.1016/j.jinf.2020.03.001. — PMID 32171867.

[xxv] Wei-jie Guan, Zheng-yi Ni, Yu Hu, Wen-hua Liang, Chun-quan Ou. Clinical Characteristics of Coronavirus Disease 2019 in China (англ.) // New England Journal of Medicine. — 2020-02-28. — 28 February. — ISSN 0028-4793

[xxvi] https://ru.wikipedia.org/

[xxvii] А.Ш. Иноятов, А.Р. Облоқулов, Ш.Ж. Тешаев, М.Р. Мирзоева “КОРОНАВИРУСЛИ ИНФЕКЦИЯЛАР”, Бухоро  – 2020-йил

[xxviii] https://mosgorzdrav.ru/

[xxix] https://diseases.medelement.com/

[xxx] Tim Smith, Tony Prosser. COVID-19 Drug Therapy — Potential Options (англ.). Novel Coronavirus Information Center. Elsevier (March 2020).

[xxxi] Nicholas J. Beeching, Tom E. Fletcher, Robert Fowler. COVID-19. BMJ Best Practices. BMJ Publishing Group (17 февраля 2020).

[xxxii] “НАЦИОНАЛЬНОЕ РУКОВОДСТВО ПО COVID-19” Министерство здравоохранения Республики Узбекистан. Ташкент – Март, 2020.

{"from":"MediaSave","to":"Site","event":"ResizeIframe","data":{"width":0,"height":0,"position":"top-center"}}