Yassi hujayrali o’pka saratoni (amaliyotda kuzatilgan klinik holat)
Ushbu xabar allaqachon 437 marta o`qilgan!
O’pka saratoni – bronxning epitelial hujayralaridan hosil bo’lgan xavfli o’sma. O’sma o’pkaning turli segmentlarini zararlaydi. Bu eng keng tarqalgan onkologik kasallik bo’lib, 100000 kishidan 70 tasida aniqlanadi. O’sma kasalliklari ichda taxminan 25% ni tashkil qiladi. Ayollar erkaklarga qaraganda 6 marta kamroq kasal bo’lishadi. Bemorlarning o’rtacha yoshi 65 yoshni tashkil etadi.
Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligining ma’lumotlariga ko’ra dunyoda har yili o’pka saratonining 1 millionga yaqin yangi holatlari ro’yxatga olinadi va saraton kasallarining 60 foizi ushbu kasallik natijasida vafot etadi. Tashxisdan keyin bir yillik hayot darajasi taxminan 25% ni tashkil qiladi. Buning sababi shundaki, kasallik deyarli simptomsiz bo’lib, ko’pincha bemorlar juda kech murojaat qiladi. Agar kasallik erta aniqlansa bemorlarning 80 foizini tuzalishiga erishiladi.
Yassi hujayrali o’pka saratoni (kichik hujayrali bo’lmagan o’pka saratonining 25-40%ini tashkil etadi) – nafas yo’llarini qoplagan yassi epiteliy hujayralaridan rivojlanadi va mahalliy tarqalishi bilan tavsiflanadi. Chekish ushbu turdagi o’pka saratoniga moyillik keltiradigan bo’lgan sabablardan biridir. Ushbu kichik bo’lmagan hujayrali o’pka saratoni bu turini davolash juda qiyin.
Etiologiyasi va xavf omillari: 10 holatdan 8 tasida o’pka saratonining sababi chekish, shu jumladan passiv chekishdir. Ammo kasallik chekmaydiganlarda ham uchraydi. Xavf omillari orasida irsiy moyillik, uchuvchan kanserogen moddalar bilan muntazam aloqada bo’lish, ko’krak qafasining haddan tashqari nurlanishi, genetik kasalliklar, ba’zi viruslar, spirtli ichimliklarni ko’p iste’mol qilish va to’yib ovqatlanmaslik kiradi.
Xavf guruhiga kiradi:
– 40 yoshdan oshgan chekuvchilar;
– ichkilikbozlar;
– surunkali obstruktiv o’pka kasalligi bo’lgan bemorlar;
– oilaviy moyilligi bo’lgan odamlar;
– muntazam ravishda asbest, radon, mishyak, chang bilan aloqada bo’ladigan odamlar;
– ijtimoiy ta’minoti past odamlar.
Bu omillar ta’sirida bronxlar (bronxial epiteliy)ning qoplamali to’qimalarida DNKning kumulyativ o’zgarishini keltirib chiqaradi. Qanchalik ko’p to’qima shikastlansa, saraton rivojlanish xavfi shunchalik yuqori bo’ladi.
Kasallikning dastlabki alomatlari kuzatilsa shifokoringizga murojaat qilish kerak:
uzoq muddatli harorat ko’tarilishi; ko’p terlash; kuchayib borayotgan holsizlik; yo’tal; yo’talganda yoki nafas olayotganda ko’krak qafasida og’riq; qonli balg’am, qon tupurish; kuchli hansirash; ozish; umumiy holatning yomonlashishi.
Buxoro viloyat ko’p tarmoqli tibbiyot markazi “Ko’krak-tomir xirurgiyasi” bo’limiga 52 yoshli bemor quyidagi shikoyatlar bilan murojaat qilib keldi:
kuchli yo‘tal, bir oz balg‘am, 4 kundan beri bir necha marta qon tupurish, ko‘krak qafasi o‘ng tomonida og‘riq, tez charchash, terlash, ishtahasizlik, umumiy holsizlik.
Bemor 2021-yil yanvar oyida ko‘krak qafasi rentgenografiyasida o‘ng o‘pkada yorilgan exinokokk kistasiga xos rentgenologik belgi, ko‘krak qafasi MSKT tekshiruvida o‘ng o‘pka o‘rta bo‘lagi proeksiyasida bo‘shliqli hosila (tumor?, absess?) aniqlangan.
Bemor onkolog tomonidan ko‘rilgan va tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Traxeobronxoskopiyada o‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi BII bronx devorini tashqaridan bosuvchi holat aniqlangan. Bronxdan olingan bransh biopsiya gistologik tekshiruvida “shilliq, leykotsit, yassi epiteliy” aniqlangan.
Bemor o‘zini 3 oydan beri kasal hisoblaydi. Kasallik sababini hech narsa bilan bog‘lamaydi. Anamnezida 2016-yildan onkolog nazoratida turadi. 2016-yil avgust oyida Rossiya davlatida tekshiruvlardan o‘tgan. Tekshiruv xulosalaridan so‘ng bemorga “Bachadon bo‘yni xavfli o‘smasi T3N1M0 IIIB bosqichi. Aralash formasi ikki tomonlama parametral-qin-bachadon varianti, ikki tomon yonbosh limfa tugunlariga mts” tashxisi qo‘yilib, 2016-yil yilda nur terapiya kursini qabul qilgan, 2016- va 2017-yillarda poliximiyatepiya kursini olgan.
Bemorda PET/KT tekshiruvidan o‘tganda “O’ng o’pka parenximasi periferik joylashgan metabolik faol hajmli hosila PET/KT belgilari – tumor?” aniqlangan. Bemor torakal xirurgi va onkolog tomonidan ko‘rildi, operativ davo tavsiya etildi.
Bemor to’liq standart tekshiruvlardan o’tkazilib, zarur mutaxassislar ko’ruvidan o’tkazildi.
Bemorga quyidagi tashxis qo’yildi:
Asosiy: Birlamchi ko’p sonli o’smalar: 1. Bachadon bo’yni “cancer”i T3N1M0. Kombinirlanga davolanishdan keyingi holat (2017 yilda nur terapiya + 4 sikl PXT). 2. O’ng o’pka “cancer”ga shubha. O’ng o’pkaga mts ga shubha. Asorati: o’smaning parchalanishi, qon tupurish. Nafas olish yetishmovchiligi I daraja.
Hamroh kasallik: O’rta og’irlikdagi surunkali kasallik anemiyasi. Yurak ishemik kasalligi. Turg’un zo’riqish stenokardiyasi. FS II.
Bemor rejali operatsiyaga tayyorlandi va “O’n tomonlama yuqori bilobektomiya limfadisseksiya bilan” operatsiyasi amalga oshirildi.
Makropreparat – rezeksiya qilingan o’ng o’pka yuqori va o’rta bo’lagi o’lchami 6×7 smli parchalangan hajmli hosila bilan birga. 1,0×1,5 sm gacha kattalashgan izdiz sohasi, bo’laklararo, mediastinal, paratraxeal, o’mrov osti, bufurkatsion va old ko’ks oralig’i limfa tugunlari.
Gistologik tekshiruv xulosasi: Yassi hujayrali muguzlanmaydigan “cancer”, G III. Paratraxeal va o’mrov osti limfa tugunlarida mts yassi hujayrali “cancer” aniqlandi. Boshqa limfa tugunlarida mts yo’q.
Bemorga gistologik xulosadan keyin quyidagicha tashxis qo’yildi:
Asosiy: Birlamchi ko’p sonli o’smalar: 1. Bachadon bo’yni “cancer”i T3N1M0. Kombinirlanga davolanishdan keyingi holat (2017 yilda nur terapiya + 4 sikl PXT). 2. O’ng o’pka yuqori bo’lagi yassi hujayrali muguzlanmaydigan “cancer” T2N1M0. Asorati: o’smaning parchalanishi, qon tupurish. Nafas olish yetishmovchiligi I daraja.
Operatsiyadan keyingi davr asoratlarsiz kechdi. Umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli holatda keyingi davoni davom ettirish maqsadida onkolog nazoratiga chiqarildi.