Shavkat Mirziyoev: Epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda karantin talablarini yumshatishni davom ettiramiz
Ushbu xabar allaqachon 455 marta o`qilgan!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 2020-yil 13-may kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etdi.
– Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganish zarurligi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz. Buni, eng avvalo, iqtisodiy faollikni tiklash orqali, aholining ishlashi va daromad olishini ta’minlash maqsadida amalga oshirmoqdamiz.
Bu borada o‘zimizdagi haqiqiy ahvol va xalqaro tajribani keng o‘rganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qayerda hokimlar butun mas’uliyatni o‘ziga olib, chuqur o‘ylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda yaxshi natija bermoqda.
Lekin ba’zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.
Umuman, koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur.
Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Yig‘ilishda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Prezidentimiz pandemiya sharoitida avvalgi berilgan imtiyozlarga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hamda hududlar rahbarlarining takliflaridan kelib chiqib, karantin talablarini yanada yumshatish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.
Respublika komissiyasiga pandemiya qayta kuchaygan taqdirda vazirlik va idoralar bajarishi lozim bo‘lgan birlamchi vazifalar belgilangan tartibni tasdiqlash topshirig‘i berildi.
Olis hududlarning poytaxtimiz bilan transport aloqasini tiklash juda dolzarb masala bo‘lib turibdi. Shu bois Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tkazilgan edi. Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar, karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi.
Toshkent shahri tumanlarida munosib ish joylari tashkil etish, uy-joylar qurilishini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Davlatimiz rahbari qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash hudud rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Manba: president.uz