MaqolalarOmmabop maqolalar

Yurak xuruji (miokard infarkti) nima va u nima uchun sodir bo’ladi?

Ushbu xabar allaqachon 345 marta o`qilgan!

Miokard infarkti nima?

Miokard infarkti (yurak xuruji deb ham ataladi) – yurak mushagi ishemiyasining o’tkir davri bo’lib, u qon ta’minoti buzilganida qon yurakka oqishining to’xtashi bilan tavsiflanadi. Agar o’n besh daqiqa ichida qon yana oqishni boshlamasa, yurakning bir qismi o’ladi (yurak mushaklari nekrozi). Bu yurakning o’lik to’qimalarga ega bo’lgan qismi bo’lib, miokard infarkti deb ataladi. 

Asosiy sabablari: Miokard infarktining asosiy va eng ko’p tarqalgan sababi — yurak mushagini qon bilan va shunga mos ravishda kislorod bilan ta’minlaydigan toj (koronar) arteriyalardagi qon oqimining buzilishi. Ko’pincha bunday buzilish arteriyalar aterosklerozining fonida yuzaga keladi va unda tomirlarning devorida aterosklerotik pilakchalar (blyashkalar) paydo bo’ladi.  

Boshqa va qo’shimcha sabablari:

  • yurak ishemik kasalligi;
  • qandli diabet, gipertoniya;
  • semizlikning har qanday bosqichi;
  • stressli vaziyatlar;
  • nikotin va spirtli ichimliklarga qaramlik;
  • kamharakatlik;
  • ruhiy kechinmalar.

Miokard infarkti belgilari: Yurak xuruji rivojlanishida belgi va alomatlar darhol emas ketma-ket va bosqichma-bosqich ro’y beradi:

  1.   Dastlab stenokardiya;
  2.   Shundan so’ng, ko’krak qafasidagi yonish hissi bilan yurakda kuchli og’riqlar paydo bo’ladi. Og’riq qo’llarga, yelkaga, oshqozon va pastki jag’ga, shuningdek, tananing boshqa organlari va qismlariga tarqalishi mumkin;
  3.   Rangparlik, sovuq va yopishqoq teri chiqishi;
  4.   Va so’ngida aritmiya kuzatiladi.

Shu o’rinda stenokardiya nima ekanligini aytib o’tamiz: Stenokardiya – ishemik kasalliklarning yengil xili bo‘lib, «ko‘krak qisilishi» ma’nosini bildiradi. Chap tomon ko‘krak ustida og‘riq, achishish alomatlari paydo bo‘ladi.  

Aniqlash usullari: Ushbu kasallik EKG, qon tahlili (uning tarkibi yurak xurujining xarakterli belgilariga ega), shuningdek, koronar angiografiya orqali aniqlanadi.

Miokard infarktini yani yurak xurujini davolash: Bemorda miokard infarktidan shubha qilinganida, davolanish darhol eng yaqin shifoxonaga yotqizilishi bilan boshlanadi va shoshilinch kompleks reanimatsiya choralari ko’riladi. Bemorni tinchlantirish juda muhimdir.                                         

Narkotik og`riq qoldiruvchilar yordamida og’riq yo’qotiladi, aritmiya, yurak yetishmovchiligi va kardiogen shok to’xtatiladi. Agar bemor holat qoniqarli bo’lsa, kasalxonaga yotqizilgan kuni yoki ertasi kuni koronar angioplastika (arteriyalar devorini kengaytirish uchun operatsiya) amalga oshiriladi. Reabilitatsiya va uning davomiyligi yurakning qanchalik zararlanganiga bog’liq. Reabilitatsiya mutaxassis tomonidan nazorat qilinadigan qayta tiklash terapiyasi, maxsus yengil parhez va jismoniy faoliyatdan iborat.  

Miokard infarkti takrorlanishi mumkinmi? Afsuski, takrorlanishi mumkin. Insultni boshidan kechirgan bemorlarning taxminan 14 foizi yana shu dardga chalingan. Shuni aytishim lozimki, kasallik qaytalanmasligi uchun hadeb bilib-bilmasdan qimmatbaho dorilarni sotib olmang, birinchi navbatda yuqorida nomi tilga olingan omillarni bartaraf eting. Ayrim bemorlarimiz yurak qon-tomirlari kasalliklarining og‘ir turlarini boshlaridan kechirgan bo‘lsalarda, spirtli ichimlik iste’mol qilaveradilar, chekishni tashlamaydilar, yog‘li, qovurilgan, dudlangan taomlarni iste’mol qilishdan o‘zlarini tiymaydilar.  

Buxoro tibbiyot instituti Davolash fakulteti 2-kurs talabasi

ASHUROV ASADBEK

{"from":"MediaSave","to":"Site","event":"ResizeIframe","data":{"width":0,"height":0,"position":"top-center"}}