Respublikada tibbiy yordam sifati va ko’lamini oshirish bo’yicha topshiriqlar berildi
Ushbu xabar allaqachon 322 marta o`qilgan!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 25-fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari faoliyatining ilk kunlaridan tinchlik va sog‘likni ta’minlashni ijtimoiy hayotimizning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilagan edi. O‘tgan yillar davomida bu borada ulkan islohotlar amalga oshirildi. 2018-yil 7-dekabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi. Barcha hududlarda shifoxonalar bunyod etilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o‘tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
Odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam brigadalarining soni 818 tadan qariyb 2 mingtaga yetkazildi va aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ixtisoslashgan avtomashinalar parki yangilandi.
Prezident matbuot xizmatida xabar berishicha, yig’ilishda mamlakatda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelayotgani, mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘nikmasini oshirishga e’tibor qaratilmayotgani, ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa o‘rtasida vertikal tizim shakllanmagani qayd etib o‘tilgan. Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjudligi, masalan, faqat 12 ta oliy ta’lim muassasasi uzluksiz kasbiy malaka oshirish huquqiga egaligi, hozirda 50 foiz shifokor malaka oshirish bilan qamrab olinmagani ta’kidlangan. Shu bois mazkur tizimni qayta ko‘rib chiqib, bu boradagi qamrovni kengaytirish, malaka oshirish kurslarini Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida tashkil etib, mutaxassislarga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Yig’ilishda sohadagi moliyalashtirish tizimi, bemorlarga davolanish uchun order berish, davlat va xususiy tibbiyot uchun teng shart-sharoit yaratish, raqobat muhitini yaratish va boshqa kamchilik, muammolar sanab o’tilib, ularning yechimlari va sohani yanada takomillashtirish bo’yicha tegishli ko’rsatmalar berilgan.
Aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini keng qaror toptirish, to’g’ri ovqatlanish va piyoda yurishning salomatlikka foydasini targ’ib etish muhimligi ham yig’ilishda qayd etilgan.
Bundan tashqari, yig’ilishda eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari o‘rnida Ibn Sino maktablari tashkil etib, dars va amaliyotni zamon talablari asosida o‘tish zarurligi ta’kidlangan.
Manba: kun.uz