Buxoro viloyat SSB boshlig‘i viloyatdagi davolash muassasalari faoliyati bilan tanishdi

Ushbu xabar allaqachon 52 marta o`qilgan!

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Asqar Soliyevich Bahronov tizim tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini o‘rganish, mavjud xato va kamchiliklar bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 2021-yil 14-avgust kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali, Buxoro viloyat endokrinologiya dispanseri va Buxoro viloyat teri tanosil kasalliklari dispanseriga tashrif buyurdi, – deb xabar beradi Buxoro viloyat SSB Axborot xizmati.

Tashrif chog‘ida RShTYoIM Buxoro filialida tez yordam xizmati yo‘nalishida Prezident farmoni va qarorlarida belgilangan vazifalarning bajarilishi, tez yordam xizmati misolida faoliyat ko‘rsatkichlari, moddiy texnika bazasini mustahkamlash, Coll-markaz faoliyati, sanitar aviatsiya xizmati, favqulodda holatlar statistikasi va boshqalar o‘rganildi.

Tizimdagi mavjud yutuqlar barobarida tizimda yechimini kutib turgan muammolar tilga olindi. Jumladan, Buxoro shahar 1 va 2-tez tibbiy yordam binolarini yangidan qurish ehtiyoji mavjudligi, Koordinatsin dispetcherlik markazini to‘liq avtomatlashtirish, G‘uzor-Buxoro-Nukus magistral yo‘lining Romitan tumani hududida sayyor post tashkil etish, Qorovulbozor tumanidagi Bo‘zachi MFYda tez yordam brigadasini tashkil qilish, dori ta’minoti va nazorati bo‘yicha avtomashina ajratish, sanitar aviatsiya tizimidagi chaqiriqlarning asosli bo‘lishiga erishish uchun chora-tadbirlar belgilash zarurati borligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, tumanlarda tez yordam xizmati faoliyatida uchrayotgan muammolar ham o‘rtaga tashlanib, Boshqarma boshlig‘i ayni paytda faoliyatga halal berayotgan mazkur muammolarni hal etish, tizim ishini yanada yaxshiroq tashkil etish bo‘yicha muhim fikr hamda takliflarni bildirdi.

Boshqarma boshlig‘i A.Bahronov o‘z tashrifini Buxoro viloyat endokrinologiya dispanserida davom ettirib, Dispanser faoliyati bilan tanishar ekan, u yerda qilingan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni o‘rgandi.

Dispaserdagi bo‘limlar faoliyati, xodimlarning tibbiy deontologiyasi, hujjatlarni yuritish tartibi, hudud obodonchiligi, dori-darmon ta’minoti, sanuzel tizimi, qozonxonalarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, davolash va profilaktika kabi ko‘plab masalalarni o‘rgandi. Shu kuni o‘zida dispanserdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha rejalar tuzib olindi.

Shundan so‘ng, Boshqarma boshlig‘i Buxoro viloyat teri tanosil kasalliklari dispanseri faoliyatii bilan tanishdi. U yerdagi faoliyat bilan tanishish asnosida muassasada ishlayotgan tibbiyot xodimlari malakasi va salohiyatini oshirish, dispanser moddiy texnika bazasini yaxshilash, diagnostika va davolashda ijobiy natijalarga erishish maqsadida e’tibor qaratish kerak bo‘lgan masalalarga alohida urg‘u berdi. Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.