Isiriq chindan ham foydalimi?!

Ushbu xabar allaqachon 277 marta o`qilgan!

Isiriq (Peganum) — isiriqdoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimliklar turkumi bo’lib,  boʻyi 60—70 sm. Isiriq ko‘p yillik o‘simlikdir. Uning poyasi bir nechta, sershox, atrofga yoyilib o‘sadi. Barglari kulrang yoki yashil. Gullari esa sargʻish-oq, shoxining uchida yakka-yakka o‘rnashadi. Mevasi dumaloq shaklda ko‘p urug‘li koʻsakcha. Isiriq erta bahordan o‘sa boshlaydi.

Isiriqning 6 turi maʼlum. Oʻzbekistonda 1 turi (Peganum harmala) oʻsadi. Choʻl va yarim choʻllarda, aholi yashaydigan yerlarda, ekinlar orasida va togʻ yon bagʻirlarida uchraydi.

Tarkibida alkaloidlar (garmin, garmalin, peganin va boshqalar), yogʻ, boʻyoq va boshqa moddalar bor. Tabobatda qadimdan turli kasalliklar (tutqanoq, tomoq ogʻrigʻi, zaxm)ni davolashda, siydik haydovchi, terlatuvchi vosita sifatida ishlatiladi. Urugʻidan jun gazlama va shoyilar uchun boʻyoq olinadi.

Badboʻy islarni yoʻqotish, goʻyo har xil ofatlarni qaytarish maqsadida ham isiriqdan (“Isiriq solish”) foydalaniladi.

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida yozilishicha:

Isiriq solish — odamlar va turli narsalarga goʻyo koʻz tegishini va har xil ofatlarni qaytarish maqsadida isiriq oʻsimligining qurigan shox barglarini tutatish. Ilgari isiriq solish irim qatoridagi odat boʻlgan. Isiriqhokandoz yoki sopol tovokda choʻgʻ ustiga qoʻyib tutatiladi, uy ichi, odamlar, isiriq solish moʻljallangan narsalar tutun bilan dudlanadi. Badboʻy islarni yoʻqotish uchun ham isirik solinadi. Baʼzi joylarda isiriqni isiriqdonga solib tutatib, bozordagi kishilarga isiriq solish bilan ulardan haq oluvchi kishilar ham uchraydi (qadimda isiriqda ilohiy bir quvvat bor deb eʼtiqod qilishgan, tabarruk oʻsimlik hisoblangan). Aslida esa isiriq tutunida har xil mikroorganizm va viruslarni zararsizlantiradigan moddalar bor.

Issiriqning tabobatdagi o‘rni haqida gapiradigan bo‘lsak, sir emaski bu o‘simlik “tabiat gavharlaridan” biri hisoblanadi. U tabobatda keng miqyosda ishlatiladi. O‘simlikning bunday keng miqyosda ishlatilishiga sabab, uning tarkibida alkaloidlar, peganol, peganidin, garmin, garmalin, turli moylar, oshlovchi moddalarning mavjudligidir. O‘simlik ildizida 3,3% gacha, poyasida 3,57% gacha, bargida 4,96% va urug‘ida 6,60% gacha alkaloidlar borligi qayd qilingan. Yuqoridagi moddalardan misol tariqasida oladigan bo‘lsak, garmin asab tizimini tinchlantiradi, bosh miya yallig‘lanish asorati – qaltirashni davolashda va uxlatuvchi modda (dori) sifatida ishlatilgan.

Endi esa qanday holatlarda isiriqdan foydalangan holatda darddan forig‘ bo‘lish mumkinligini birma-bir sanab o‘tsak. 

Foydali jihatlari…

  • Isiriq o‘tini kuydirib, biroz hidlansa bosh og‘rig‘i yo‘qoladi;
  • Isiriq urug‘i qaynatmasi nafas olishi qiyinlashganda , nafas qisishida zig‘ir urug‘i bilan bilan aralashtirib ichilsa yuqoridagi dardlarga davo bo‘ladi;
  • Isiriqning shonalash davrida olinadigan o‘ti va urug‘lari davolashda ancha samarali hisoblanadi;
  • Isiriqni tinchlantiruvchi vosita sifatida ham qo‘llash mumkin. Bu xususiyati uyqusizlikda ajoyib foyda beradi;
  • O‘simlikning shirasi – katarakda ancha samara beradi (qaynatmasi bilan yuz yuviladi);
  • Uy-joylarni dezinfeksiya qilish va havosini tozalash maqsadida tutatib qo‘yish mumkin;
  • Isiriqning sut shirasi tibbiy paxtaga shimdirilib, qichimadan qiynalgan joylarga 10 kun davomida davomida surtilsa, qichimani tuzatadi;
  • Yurak faoliyatini yaxshilsh maqsadida isiriq urug‘i, sedana, kamfora, murch, petrushka, qora zira, za’faron teng miqdorda olinib, aralashtiriladi. Hamda asal yoki shakar qo‘shilib kuniga bir mahal ichiladi;
  • Ich dam bo‘lganda isiriqga petrushka urug‘ini hamda yalpiz, zanjabil kabilarni aralshtirilib ichilsa, shifo bo‘ladi;
  • Isiriq peshob haydovchi, tish og‘rig‘i, terlatuvchi, grippni oldini oluvchi, oshqozon-ichak tizimi kasalliklarini davolovchi xususiyatlari ham mavjud!

Xalq tibbiyotida isiriqning yer ustki qismining qaynatmasidan teri kasalliklarida, bodni davolashda vanna qilish yo‘li bilan foydalanish tavsiya etilgan. Shuningdek, isiriqdan tayyorlangan qaynatma va damlamalardan bezgak, tutqanoq, nevrasteniya, shamollash bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklarda foydalaniladi. Isiriqdan tayyorlangan qaynatma bilan og‘iz chayiladigan bo‘lsa, og‘iz bo‘shlig‘i va tomoqning shamollashiga barham beriladi.

Abu Ali Ibn Sino isiriqni kuymich asablari shamollaganida, tizza va suyaklar qaqshab og‘riganida , og‘riq qoldiruvchi omil sifatida ishlatishni tavsiya etgan. U isiriqdan kuchli siydik haydovchi omil sifatida foydalangan.

Isiriqning sut shirasiga 10 kun davomida shimdirilgan bir tutam paxta yoki junli mato qichma bilan og‘rigan bemorlarga surtilsa, ular anchagina taskin topishi haqidagi ma’lumot ulkan ensiklopedist olim Abu Rayhon Beruniyning «Kitob as-saydana fit-tibb» asarida keltirilgan.

Isiriq va qalampir urug‘i qaynatmasi bilan birga zahm, bod kasalliklarini davolashda ishlatiladi.

Ilmiy tibbiyotda isiriqning dorivor preparatlari qo‘l, oyoq va tananing boshqa qismlarini doim titrab turishi hamda tutqanoq kasalliklarini davolashda ishlatiladi.

«KUN.UZ» sayti muxbirining Biologiya fanlari doktori, O‘zRFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti Mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Rasulov bilan suhbatida ma’lumot berilishicha:

– O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi institutida dunyoda ilk bor isiriq alkaloidlarini ajratish, fizik-kimyoviy va farmakologik xususiyatlarini tadqiq etish ishlari o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlangan bo‘lib, bu borada katta maktab yaratilgan. Hozirda ham isiriq tarkibidagi moddalarni tadqiq etish borasida ishlar davom etmoqda. Jumladan, isiriqdan olingan alkaloidlar ekstraktining grippning oldini olish borasidagi fundamental tadqiqotlar e’lon qilingan.

– O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotlardan tashqari dunyoning qator ilmiy markazlarida ham isiriq o’simligi ustida o‘rganishlar olib borilgan. Isiriq alkaloidlarining gripp qo‘zg‘atuvchi viruslar RNK replikatsiyasini to‘xtatishi, virus polimeraza faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. E’tiborlisi, koronavirus ham gripp virusi singari RNK saqlovchi hisoblanadi.

– Bundan tashqari, isiriq tarkibidagi alkaloidlarning shishlarga qarshi samarali vosita ekani isbotlangan.

– Shuningdek, isiriq alkaloidlarining zararli mikroorganizmlarning rivojlanishini to‘xtatishi ma’lum qilingan.

– Isiriq tutatilganda ayrim birikmalar ajralishi va havodagi zararli mikroorganizmlarga ta’sir qilishi ham isbotlangan. Isiriq tutatilganda α-pinen, limonen va stirenlar ajraladi va bu birikmalar mikroorganizmlarni dezinfeksiya qilish xususiyatiga ega.